Sayt test rejimida ishlamoqda

Yangiliklar

.

UMUMTA’LIM MAKTABLARI DIREKTORLARIGA MENEJERLIK SERTIFIKATINI BERISH TARTIBI JORIY QILINADI

24-oktabr 2023-yil
image

2023-yil 14-sentabr kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali — regulation.gov.uz ga Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirilgan.

Qaror loyihasiga asosan:

• 2024-yil 1-yanvardan boshlab A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot institutida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktor lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va ishlab chiqiladigan maxsus portal (edumanager.uz) orqali ularga davlat namunasidagi menejerlik sertifikatini elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va QR-kod qo‘yilgan elektron shaklda berish tizimini joriy qilinadi;

• Menejerlik sertifikatiga ega nomzodlar ichidan maktab direktorlari zaxirasi shakllantiriladi va maktab direktorlarining vakant lavozimlariga nomzodlar faqat sertifikati mavjud va zaxiraga kiritilgan kadrlar orasidan tanlab olinadi;

• Menejerlik o‘quv kurslari to‘g‘risidagi ma’lumotlar maxsus portalga joylashtiriladi va nomzodlar mazkur portal orqali elektron tarzda ro‘yxatdan o‘tadi, menejerlik o‘quv kursida o‘qish uchun ariza topshiradi (bunda, nomzodlar kamida bakalavr darajasiga hamda ta’lim sohasida besh yillik pedagogik ish stajiga ega bo‘lishi shart);

• Menejerlik o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan nomzodlar menejerlik sertifikatini berish bo‘yicha yakuniy sinovlarga qo‘yiladi. Nomzod yakuniy sinov o‘tkaziladigan sana va joy to‘g‘risidagi ma’lumotga o‘zining shaxsiy kabineti orqali ega bo‘ladi;

• Yakuniy sinov topshiriqlari jamoada ishlash va ota-onalar bilan muloqot qilish, boshqaruv, moliyaviy hisob-kitoblarni amalga oshirish hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ko‘nikmalarini aniqlash yo‘nalishlarida ishlab chiqiladi hamda 25 ta test, keys hamda amaliy topshiriqlardan iborat bo‘ladi;

• Nomzodlarning yakuniy sinov natijalari sinovlar o‘tkazilgan kuni maxsus portal orqali e’lon qilinadi;

• Menejerlik sertifikati 5 yil davomida amal qiladi.

 Qaror loyihasiga ko‘ra, Nizom talablari quyidagi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari direktori lavozimlariga tatbiq etilmaydi:

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablari;

jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari;

sanatoriy turidagi ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalari;

ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va ixtisoslashtirilgan maktablar;

alohida sharoitlarda ta’minlash, tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar.

 

(Qaror loyihasi muhokamasi 2023-yil 29-sentabr kuni to‘xtatilgan)

 

Batafsil: https://uzedu.uz/uz/news/1304

jizzaxvxtb@mail.ru
@xtbjizzax
@jizzaxvxtbax
/xtbjizzax